Xo‘jaylida temiryo‘lchilar kasalxonasi narkodispanserga aylantirilyapti. Xodimlar ishsiz qolishdan xavotirda

Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida “O‘ztemiryo‘l” AJ balansida bo‘lgan Xo‘jayli kasalxonasi SSVga o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 maydagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarning aktivlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatilgan. Biroq kasalxona xodimlari va temiryo‘lchilar qarordan keskin norozi ekanini Kun.uzʼga ma’lum qildi. Holatga oydinlik kiritish uchun tahririyat “O‘ztemiryo‘l” AJ matbuot xizmati bilan bog‘landi. Ma’lum qilinishicha, Xo‘jayli kasalxonasi ixtisosligi bo‘lmagani uchun Davlat boshqaruvi organlari va mahaliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga keyinchalik samarali foydalanish uchun davlat mulki sifatida 0 balans qiymatida operativ boshqarish huquqi asosida bepul o‘tkaziladigan obektlar ro‘yxatiga kiritilgan. Shuningdek, shifoxona nomi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash birlashmasiga qarashli Narkologiya ilmiy tekshirish institutining Taxiyatosh filiali nomiga o‘zgaradi. Lekin temiryo‘lchilar bu kasalxonada bepul davolanib, tibbiy ko‘riklardan o‘tib kelayotganini aytishmoqda. Ularning bildirishicha, Xo‘jayli kasalxonasida faqat tumanning o‘zi emas, Qorao‘zakdan boshlab Shumanay tumanigacha bo‘lgan hududda yashab ishlaydigan 2200ga yaqin temiryo‘lchi davolanib keladi. “Bizga bu yer juda qulay edi. Agar bu yer yopilsa Qo‘ng‘irot yoki Urganchdagi temiryo‘lchilar kasalxonasiga 100 kilometr yo‘l bosib borishimizga to‘g‘ri keladi”, – deydi temiryo‘lchi To‘lqin Avezov. Shu o‘rinda “O‘ztemiryo‘l” AJning kasalxonani ixtisosligi bo‘lmagani uchun yopilyapti degan vaji ham uncha ishonchliga o‘xshab ko‘rinmayapti. Chunki Qoraqalpog‘istonda 1ta emas, 3ta temiryo‘lchilarga xizmat ko‘rsatadigan shifoxona bor. Agar yopiladigan bo‘lsa, ular ham ixtisosligi yo‘qligi uchun yopilishi kerak emasmi? Ma’lumot uchun, kasalxona 1 kunda 150 qabulga mo‘ljallangan. 30 koykali statsionari bor. Shuning 20tasi temiryo‘lchilar uchun bepul va qolgan 10tasi oddiy aholi uchun pulli xizmat ko‘rsatadi. Bu kasalxonaning narkodispanserga aylantirilishi haqidagi gaplar shifoxona xodimlarini xavotirga solyapti.


Saidakbar Nematov

Sana: Fevral 08, 2025

Sharhlar (0)

Sharh yozish

+