Energosamarador uy qanaqa bo‘ladi? Ekspert bilan suhbat

Tariflar oshishi, bazaviy norma kiritilishi bilan, uy egalarida energosamaradorlik masalasiga qiziqish ortdi. Kun.uz bu boradagi bazaviy bilimlarni ulashishini so‘rab, energosamarador qurilish sohasida ekspert, Airbest kompaniyasi ta’sischisi Sobir Shermuhammadga murojaat qildi. U nafaqat nazariy, balki amaliy test orqali ham ko‘pchilik uy egalari e’tiborsiz qoldiradigan holatlarni yaqqol ko‘rsatib berdi. Sobir Shermuhammad uzoq yillardan buyon qurilish sohasida faoliyat yuritadi. 10 yildan ortiqroq vaqtdan berdi energosamarador qurilish yo‘nalishida Yevropa va AQSh tajribasini o‘rgangan. U ta’sischisi hisoblanuvchi Airbest kompaniyasi binolarning termoizolyatsiyasi va germetikasi bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar asosida xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, energosamaradorlik – bu isitish asboblaridan tejamkorona foydalanish degani emas. Elektr yoki gazni kamroq ishlataman degan bilan, odam faqat diskomfortga erishadi. Shu sabab, oddiy qoida quyidagicha: uyni isitish muammo emas, muammo – uydagi issiqlikni saqlab qolish. “Energosamardor uy deganda uy ichidagi komfort iqlimni saqlab qolgan holatda, juda kam energiya iste’mol qilish tushuniladi. Chet eldagi germetik holatdagi uylarni solishtiradigan bo‘lsak, bu uylarning energiya iste’moli minimum darajada. Bu nima degani? Ya’ni uy shunchalik germetizatsiya qilinganidan, isitish uchun o‘ta kam energiya sarflanadi, bunda hatto uy ichidagi odamlar o‘zlaridan chiqaradigan issiqlik ham haroratni mo‘tadil saqlab turishga yetarli bo‘ladi”, – deydi u.


Saidakbar Nematov

Sana: Fevral 08, 2025

Sharhlar (0)

Sharh yozish

+